Xuddi avvalgi hikoyalarimdagidek, bunisini ham ikkiga boʻldim. Chunki, sayohat davomida deyari 2000 ta foto olibman. Ulardan saralab ajratib olganlarimdan 135 ta qoldi va shuncha fotoni bitta hikoyaga joylash ham texnik (maqola hajmi kattarib ketadi), ham qulaylik (odam juda katta maqolani oxirigacha oʻqimaydi har doim ham), ham tayyorlash tomonidan (juda uzun maqola yozish va uni tahrirlash qiyin) ancha noqulay.
2016-yilning mart oyida Nyu-Yorkda atigi bir kecha va yarim kun vaqt sarflagan boʻlsam, bu safar shaharni oʻrganishga koʻproq vaqt sarfladim: 5 kun. Yotadigan joy AirBnb orqali ijaraga olindi. Ingliz tilini toʻlaqonli tushunishga hali ulgurmaganim uchun, rus tilini biladigan mezbonni tanladim. Bruklinda bunaqa odamlar juda koʻp.
Toshkentdan esa samolyotimiz Riga orqali uchdi. Shuning uchun, biroz Riga aeroporti bilan tanishish imkoniyati boʻldi.
Riga aeroporti
Negadir aeroportdagi yozuvlar vertikaliga choʻzilganroq. Xuddi tajribasiz dizayner Photoshopʼda yozganga oʻxshaydi.
Lekin qora fonda sariq rangdagi yozuv chiroyli koʻrinadi. Baʼzi yozuvlar uch tilda: latish, ingliz va rus.
Aeroportda Coca-Colaʼga tegishli kafecha bor: Costa Coffee. Katta oynalardan samolyotlarga qarab kofe ichib oʻtirish mumkin (men yoqtiradigan mashgʻulot).
Latviyaning bolalar fondi pul yigʻayotgan qutiga Oʻzbekistonliklar 200 soʻmlik banknotlarni qoʻyishibdi.
Yerning shimolrogʻida joylashgan aeroportlarning yoqadigan tomoni — aeroport chegarasi tugashi bilan oʻrmon boshlanadi. Shunchaki dala yoki tekislik emas.
Va “navbat”. Yillar oldin blogimda shunaqa navbat haqida yozganimda bir qancha odam meni laʼnatlagandi. Lekin haligacha bizdagi odamlarning shoshqaloqligi va oddiy navbatda turish madaniyatini bilmasligi hayron qoldiradi.
Bruklin
Nyu-Yorkda bunaqa koʻchalar koʻp: harakat faqat bir tomonga, trotuar, uylarga trotuarning oʻzidan kirib ketiladi.
Umumiy podyezdga kirish. Uy raqami kirishning tepasiga va uyning oʻziga yozilgan (oʻngda). Bunaqa uylarga shu eshikning oʻzidan kiriladi va har bir qavatda koridor mavjud. Yana bunaqa uylarning hovlisi yoʻq; boʻlsa ham asosan axlat qutilari yoki alohida chiqish uchun ishlatiladi (Google Maps).
Evakuatsiyada chiqish zinapoyasi. Xalqaro qurilish kodeksi shaxsiy uylardan kattaroq boʻlgan har qanday binoda bunaqa zinapoyalar boʻlishini talab qiladi.
Baʼzida oʻsimliklar eskiroq konditsionerlarni va oynalarni aylanib oʻtib uyga chirmashadi.
Shu uy joylashgan koʻcha. Eʼtibor berilsa, bu koʻchada bemalol ikki tomonga qatnovga ruxsat berish mumkin. Lekin Nyu-Yorkdagi eski qurilgan uylarda parkovka hisobga olinmagani va bu yerda aholi yashashini hisobga olinsa, harakatni bir tomonli qilib, koʻchaning ikki chetini parkovka sifatida ishlatishga ruxsat bergan maʼqul. Bu mavzuda hovliga mashinalar kirishini taqiqlash haqidagi postimda yozgandim.
Bruklinda sobiq Sovet davlatlaridan koʻchib borgan odamlar juda koʻp yashaydi. Bu oʻz-oʻzidan rus tilining ommalashishiga olib kelgan. Faqat rus tilini biladigan odamlar yashab ketishi uchun deyarli hamma sharoit bor: kafelar, restoranlar, magazinlar va hokazo.
Baʼzi magazinlardagi mahsulot nomlariyam ruschada yozilgan. Va sotuvchilar ham rus tilini tushunadi.
Yana yahudiylar ham koʻp. Ularga qaratilgan reklamalarni ham koʻp uchratish mumkin.
Chorraha. Harakat faqat bir tomonlama boʻlgani uchun hamma joyga ham svetofor qoʻyish shartmas.
Uch xil axlat qutilari: yashilga — qogʻoz; koʻk — metal, shisha, plastmassa va h.k. qora — qolgan har qanday axlat. Hozirda shaharning yangi axlat qutilarini aniqlash boʻyicha tanlov ketyapti: https://www.betterbin.nyc/home
Tekin gazeta tarqatish qutilari. Bir paytlar shunaqa qutilarda gazeta va jurnallar sotilgan (balki hozir ham mavjud).
Metro bekati. Metroning yuqoridan yuradigan qismi avtomobil yoʻlining ustidan xuddi koʻprikka oʻxshab oʻtib ketadi. Kirish — pastdan: Google Street View.
Nyu-York metrosi juda murakkab. Bir yoʻldan har xil yoʻnalishlarga ketadigan poyezdlar yurishi mumkin. Quyida metro bekatiga “Q” yoʻnalishidagi poyezd kelyapti.
Manhetten
Manhettenda baland binolarni koʻp uchratish mumkin.
Imkoniyati cheklangan odamlar metroga tushishi uchun lift. Bu — eskisi.
Bu esa yangisi.
Bruklin koʻprigi yonida turistlar koʻp: hamma qoʻlida kamera bilan.
Olmaxonlar bemalol sayr qilib yuribdi.
Bruklin koʻprigi ustidan Manhetten koʻrinishi.
Aytgandek, Bruklin koʻprigi qurilishi 1869-yilda boshlanib 14 yildan soʻng tugagan. Konstruksiyasi odamni hayron qoldiradi! Uzunligi 1,8 kilometr boʻlgan koʻprikning mashinalar yuradigan qismi ustiga alohida yoʻlakcha qilingan. Uning yarmi piyodalar, qolgan yarmi esa velosipedlar uchun moʻljallangan (oq chiziq bilan ajratilgan).
Koʻprikning baʼzi qismlaridagi simlar va panjaralarga qulflar qoʻyilgan.
Koʻprikning eng yuqori qismida manavi yigit Nyu-York hayotini ruchka yordamida tasvirlaydi. Rasmlari Nyu-York atmosferasini zoʻr beradi. Har bir rasmni 10 dollarga sotadi, lekin yaxshiroq savdolashsa 15 dollarga ikkita rasm beradi.
Koʻprikning temir trubalari yozuvlarga toʻla. Baʼzida, tanish soʻzlar ham uchraydi.
Politsiya uchun alohida mashinalar mavjud. Ular bemalol koʻprikning velosiped yuradigan qismida piyodalarga xalaqit bermasdan harakatlana oladi.
Yana Bruklin
Amerikada shahar ichida chang va tuproqni topish qiyin. Yomgʻir yoqqanda ham oqadigan suv — toza. Shuning uchun, uylarga bemalol oyoq kiyimda kirish mumkin. Bunaqa ozodalikning asosiy sababi tuproq va changning har qanday manbasini yopishdir. Bu yerda ochiq turgan tuproqni topish juda qiyin: daraxtlar tagi yopiladi, ochiq yerlarga gazon ekiladi.
Masalan, daraxtlarning tagi mulchlanadi: ochiq yer ustiga bir qatlam “mulch” qoʻyiladi. Mulchlashning birinchi maqsadi shaharga changni chiqarmaslik. Agar mulch organik mahsulotlardan tayyorlangan boʻlsa (masalan, yogʻoch qoldiqlaridan), bu vaqt oʻtishi bilan daraxtlarga oʻgʻit ham boʻladi. Vikipediyadagi maqolada koʻproq maʼlumot olish mumkin.
Men sening yangi daraxtingman.
Yongʻin haqida ogohlantiruvchi qurilma.
Bu kichik koʻchaga avval tosh (bruschatka) yotqizilgan qismining ustiga asfalt qilingan ekan.
Bruklin koʻprigi Ist-River boʻgozi ustidan oʻtib Manhetten va Bruklinni ulaydi. Bu boʻgʻozda, albatta, kemalar yuradi. Bruklin va Manhettenning qirgʻoqlarida koʻp pirslarni uchratish mumkin. Bunisi xuddi endi qurilayotgan yoki eskisining oʻrniga oʻxshaydi. Pirsning tagiga yogʻoch (yoki boshqa materialdan) ustunlar qoqib chiqiladi.
Bruklin tomonidan Manhetten koʻrinishi.
Boʻgʻoz qirgʻogʻiga stol va stullar qoʻyilgan.
Kinolarda koʻp koʻrsatiladigan kadr.
Manavilar “donut fenders” deb atalarkan. Kemalarni qirgʻoqqa bogʻlash va (menimcha) sohilni himoya qilish uchun ishlatiladi.
Bruklin muzqaymoq fabrikasi.
Koʻprikning tagida qanaqadir gorizontal liftga oʻxshagan konstruksiya turibdi.
Fulton Ferryʼning katta tarixiy sanalari betonga yopishtirilgan.
Koʻprikning narirogʻida juda chiroyli kafelar joylashgan.
Manavi xuddi konteynerlardan qurilgan uyga oʻxshaydi: Lego kabi xohlagancha xonalarni “ulab olsa” boʻladi :)
Kolumbus parki.
Park soʻngida juda gavjum koʻcha. Nyu-Yorkda yashil rangdagi taksilarni ham uchratish mumkin. Aytgandek, bu Manhetten emas.
Metro kartalarini sotvoladigan qurilmalar.
Yana Manhetten
Manhettenning Moliya mavzesida “Hujm qilayotgan novvos” nomli haykal bor. Uni koʻpchilik koʻrgan. Turistlarning asosiy qismi bu yerga shu novvosning tuxumini ushlash uchun kelishadi.
Manhettenning koʻchalarida esa quyosh deyarli yerga tushmaydi. Baland binolarning soyasi kichik yoʻlning narigi yuzidagi binolarga tushadi.
Binolarning tomini koʻraman deganda doʻppi yerga tushadi (agar boʻlsa).
Yaqin atrofning xaritasi (Quyi Manhetten).
Manhettenning eng pastidagi Betteri-park xaritasi.
Bu parkda yer shari va undagi davlatlar mavjud. Oʻzbekiston Qozogʻistonning tagida.
Baʼzi odamlar yotvolib suratga olyapti sharni.
Manhettenning arxitekturasi xilma-xil!
Quyosh botishi arafasida.
Uzoqda Ozodlik haykali.
Bir tomonda odamlar oʻrindiqlarda dam olyapti.
Boshqa tomonda esa baliqchilar.
Parom yuradigan terminal eshiklarining har biriga chiqish yozilgan.
Xuddi asalarinikiga oʻxshagan uychalar qoʻyishibdi.
Tun kelayotganda binolardagi chiroqlar koʻrinishni boshlaydi.
Ijaraga qoʻyish madaniyati
Shu yergacha yetib kelganlarga rahmat!
Xullas, oilam bilan Toshkentda har xil uylarda ijarada turganmiz. Koʻp holatlarda bizni ijaraga qoʻygan odamlar xuddi bizga qarzga yoki tekinga uyini berayotgandek tutishardi. Xuddi, biz komfortsiz, birovning uyida yashayotganligimizni his qilishimizni unutmasligimiz lozimdek.
Boshqa tomondan qarasa, uyni ijaraga qoʻyayotgan odam xizmat koʻrsatyapti va bunga pul olyapti. Bozor iqtisodiyotidan kelib chiqsak, uy egasi — sotuvchi, ijarachi — xaridor. Va uy egasi ijarada yashayotgan odamni koʻproq olib qolish, unga yetarlicha sharoit qilib berishga harakat qilishi kerak. Keyinroq bildim-ki, bizda hali ijaraga qoʻyish madaniyati rivojlanmagan. U paytlarda qonuniy tomondan ham ijarachilar huquqi yetarlicha himoyalanmagan ekan.
2016-yilning may oyida Bruklinda Andrey ismli odamning uyida bitta xonasini ijaraga oldim. Airbnb orqali bu mumkin. Katta va qimmat shaharlarda mehmonxonadagi alohida xona ancha qimmatga tushadi. Bu — Andreyning uyi (yoki uzoq muddatga ijaraga olgan). Men 4-5 kunga kelib ketadigan odamman. Lekin oʻshanda 45 minutga televizor koʻrish uchun mendan ruxsat soʻragani meni juda hayron qoldirgan! Xonayam alohida qulfi yoʻq, shunchaki umumiy zalning bir qismi parda bilan ajratilgan. Rahmat, Andrey! Xuddi 3 oy davomida Kanzasdagi uyimizga politsiya (uchastkovoy) bostirib kelmagani hayron qoldirgandek.
Yana yaxshi fotolar Instagram akkauntimda tez-tez paydo boʻladi. Telegram kanalimga ham yoziling: https://t.me/FarLives