Yaqinda, Oʻzbekiston hududida Facebook ijtimoiy tarmogʻi bilan muammolar kuzatildi. Koʻp holatda ijtimoiy tarmoq ochilmadi, ochilgandayam juda sekin ishladi va hokazo. Lekin, sal tajribali foydalanuvchilar shunaqa holatda VPN orqali ixtiyoriy saytdan bemalol foydalana oladi.
Tabiiy ravishda savol tugʻiladi: muammo kimda?
Oʻzbektelecom yozyapti: “O’ZBEKTELEKOM” AK SHTAT REJIMIDA ISHLAMOQDA
Xabarda apostrof, qoʻshtirnoq, bir tirnoqlarning qanday ishlatilganiga e’tibor bermaymiz — Oʻzbekistonda hamma lotin alifbosini notoʻgʻri ishlatadi. Lekin Oʻzbektelekom keltirayotgan rasmiy “bayonot”ga e’tibor bering:
Facebook vakili uzilishlar tabiati mahalliy emas, balki global ekanligi haqida rasmiy bayonot berdi: Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropadagi boshqa mamlakatlarda ham shunday muammolar kuzatilmoqda.
Savollar:
- Qayerda bayonot berdi?
- Unga havola qani?
- Kim u “Facebook vakili”? Mark Sukerberg?
- Nega sayt VPN orqali ochilyapti unda?
- Nega aynan Oʻzbekiston? Agar bizning regionga taalluqli muammo boʻlsa, Qozogʻiston va qoʻshni davlatlar hududida ham muammolar kuzatilishi lozimmasmi?
Umuman olganda, bunaqa muammolar koʻtarilganda Facebook matbuot xizmati zudlik bilan ma’lumot bergan va biz buni oldindan yoki biroz oʻtib bilgan boʻlardik. Bundan tashqari, Facebook butun boshli davlat uchun muammo oʻylab topmasa kerak. Ular uchun bu (katta boʻlmasa ham) yoʻqotish.
VPN masalasida: agar vebsayt oddiy holatda ochilmasdan, VPN orqali ochilsa, muammo muallifi quyidagi tartibda aniqlanadi:
- sizning internet provayderingiz (Uzonline, Sarkor, Turon va boshqalar);
- Oʻzbektelekom;
- Oʻzbektelekomdan yuqorida turuvchi provayderlar yoki internet kanaliga fizik ziyon yetgan (kam uchraydigan holat).
Birinchi holatda muammo butun Oʻzbekistondamas, faqat bitta internet provayderida uchraydi va muammo haqida xabar berish yoki provayderni almashtirish bilan hal boʻladi.
Agar Oʻzbekiston boʻyicha kuzatilayotgan boʻlsa, Oʻzbektelekom shtat rejimida ishlamoqda: davlatning ichida internet tezligini oshirish va uning stabil ishlashini ta’minlash oʻrniga qanaqadir shubhali ishlar bilan shugʻullanyapti. Afsuski, bu holatda uni almashtirish imkoniyati yoʻq bizda.
Facebook (va boshqa resurslar) Oʻzbekistonda ishlamayotgan holatda telekom kompaniyasi aniq sabablarini texnik detallar bilan batafsilroq keltirgani ma’qul. Dalillarsiz “bizda ayb yoʻq, Facebook aybdor” kabi sabablar hozirgi zamonda teskarisiga ishlaydi: Oʻzbektelekomga boʻlgan ishonchni kamaytiradi xolos.
P.S.: Oʻzbektelekom bajarayotgan ishning effektivligini hisoblash uchun aniq koʻrsatkichlar mavjud:
- internet tezligi boʻyicha Oʻzbekistonni 116-oʻrindan yuqoriroqqa olib chiqish;
- odamlarda normal tezlikda (> 10 Mb/s), normal narxda (< 100 $) va limitsiz tariflar boʻlishini ta’minlash;
- odamlar oʻzlarining ishi bilan shugʻullanishiga xalaqit bermaslik.
P.P.S.: savol: nega bu tashkilot oʻzini ba’zida “Oʻzbektelekom”, ba’zida “Uztelecom” deb atayapti?