Oʻzbekistonda AT sohasidagi mutaxassislar maoshlari

Bir necha yildan beri axborot texnologiyalari (AT yoki IT) sohasidagi odamlar bilan ishlab kelaman. Oʻzbekistonning AT bozorida bir qancha yechilmagan muammolar, kamchilik va qiyinchiliklar mavjud. Bulardan biri — mutaxassislarning maoshlari biror standart asosidamasligi. Faqat mutaxassis yollash bilan shugʻullanadigan kompaniyalarda qanaqadir ichki maʼlumotlar bor va ular har doim ham ishonchli va yetarli emas.

Masalan, quyidagi savollarga umumiy, bozordan kelib chiqib javob berish qiyin:

  1. Python dasturlash tilida yozadigan boshlovchi dasturchiga qancha maosh taklif qilish kerak?
  2. Maoshni bir yilda necha marta qayta koʻrib chiqish lozim?
  3. Agar qayta koʻrilsa, maoshni necha foizga oshirish kerak?
  4. Bozorda “middle” darajadagi dizaynerning maoshi qancha?
  5. Ingliz tilini bilish daromadga qanchalik taʼsir qiladi?
  6. Turli dasturlash tillaridagi odamlarning maoshlari qanchalik farq qiladi?
  7. Agar “senior” darajasigacha oʻssam, qancha daromad olishim mumkin?

va hokazo.

Bu savollarning kelib chiqishi yagona, ochiq va doimiy yangilanib turadigan manba yoʻqligi. Gʻarbda Glassdoor nomli sayt bor va u yerda odamlar anonim ravishda maoshlarni qoldirishadi va kompaniyalarni baholashadi.

Rossiyada hozir Хабр Карьера maoshlar boʻyicha statistikani chop etadi: career.habr.com/salaries. Eskiroq statistikani ham koʻrish mumkin: Зарплаты в ИТ во втором полугодии 2018 года: по данным калькулятора зарплат «Моего круга».

Ukrainada esa Developers of Ukraine (DOU) saytining maoshlar haqida alohida boʻlimi mavjud: jobs.dou.ua/salaries. Bu yerda turli shaharlardagi har xil daraja va texnologiyalarda ishlaydigan mutaxassislarning oʻrtacha maoshlarini koʻrish mumkin. Butun Ukraina bozori shu manbaga suyanadi. Hatto chet ellik kompaniyalar Ukrainadan dasturchilarni yollayotganda ham. DOU bir yilda ikki marta AT mutaxassislari orasida soʻrovnoma oʻtkazadi va natijasini yuqoridagi saytda va Githubʼda chop etadi. Juda qulay.

Menimcha, Oʻzbekiston uchun xuddi shu kabi statistika zarur. Bu sohada ishlayotgan har qanday odam uchun muhim: dasturchi, dizayner, test qiluvchi, mahsulot va loyiha menejerlari, boshqaruv vazifalarida ishlaydigan odamlar uchun va h.k. Masalan, biror dasturchi oʻzining darajasidagi odam bozorda qancha maosh olayotganini bilsa boʻladi va bu rahbarlar bilan maoshni muhokama qilishda manba vazifasini oʻtaydi. Kompaniyalar ham yangi odam ishga olayotganda yoki xodimlarning maoshlari qayta koʻrilayotganda shu manbaga suyanishi mumkin.

Xullas, biz shu soʻrovnomani yuritish va muntazam ravishda yilda ikki marta oʻtkazib borish masʼuliyatini olyapmiz. Soʻrovnoma havolasi quyida. Sohada ishlaydigan qancha koʻp odam soʻrovnomaga javob bersa, natijalar shunchalik aniq boʻladi. Javoblar anonim: shaxsni aniqlash mumkin boʻlgan savollar mavjud emas.

bit.ly/uzb-it-salaries-2020-02

Soʻrovnomaga javob bergandan soʻng shu postni yoki soʻrovnomani boshqa hamkasblaringiz bilan boʻlishishni unutmang.

Soʻrovnoma 22-fevral 22:00 gacha davom etadi. Natijalar devof.uz saytida eʼlon qilinadi.

Telegram