Vaqt

Odamning eng asosiy resurslaridan biri — vaqt. Koʻp resurslarni qayta iste’mol uchun topish yoki tiklash mumkin, lekin vaqtnimas. Sarflangan vaqtni qaytarib boʻlmaydi. Men vaqtimni boshqarishim uchun bir nechta usullardan foydalanaman, lekin har qanday usuldan ham avtomatlashgan tizimlar effektivroq.

Vaqtni yaxshi boshqara olish uchun uni oʻlchash lozim. Hammaning ham bir sutkada 24 soat vaqti bor, lekin hamma shu vaqtni har xil narsalarga sarflaydi. Bu postning maqsadi qaysi faoliyat foyda-zararligini aniqlashmas: uni odam oʻzi uchun aniqlaydi. Lekin bu postda shu vaqt qayerga sarflanayotganini topish haqida gaplashamiz.

RescueTime

Mening asosiy ishim kompyuterda amalga oshiriladi. Shuning uchun, vaqtimni qaysi saytlarda, qaysi dasturlarga qanaqa ravishda sarflayotganim qiziq. Bunda, RescueTime nomli dasturni ishlataman.

Ishlash prinsipi quyidagicha:

  • operatsion tizimda ishlab turgan dasturlarni doimiy ravishda kuzatib boradi;
  • brauzer orqali koʻriladigan veb-sahifalarniyam hisobga oladi;
  • haftaning oxirida hafta qanaqa oʻtganligi haqida hisobot yuboradi;
  • hisobotda dasturlar va vebsaytlarni har xil kategoriyalarga avtomatik ajratadi: juda mahsuldor, mahsuldor, neytral, chalgʻitadigan, oʻta chalgʻitadigan;
  • yuqoridagilardan kelib chiqib hafta yoki oy uchun “productivity score” — mahsuldorlik reytingini aniqlaydi: 100 ballik tizimda.

Dastur va vebsaytlarning kategoriyalarini qoʻlda oʻzgartirish mumkin. Boshlangʻich holatda RescueTime har xil yangilik saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, oʻyinlar, videolar, messenjerlarni odamga foydasiz faoliyat deb hisoblaydi va shular bilan oʻtkazilgan vaqt mahsuldorlik reytingini tushiradi.

Pochta, kod yozish, kalendar, oʻqish, oʻrganish va hokazo faoliyatlar mahsuldor hisoblanadi va ular reytingni koʻtaradi. Masalan, 31-yanvar kuni RescueTime 6 soat 41 minut hisoblagan va shu kun uchun 80 reytingni bergan. Shu vaqtning 3 foizi yangiliklar oʻqishga ketgan. Shu kabi hafta va oy uchun ham hisobot chiqarish mumkin.

Odatda, har dushanba kuni pochtaga yuboriladigan hisobot eʼtibor qilish lozim boʻlgan faoliyatlarni koʻrib chiqishga yetarli boʻladi. Masalan, yangilik saytlariga kuniga 20 minut vaqt sarflanganda ham haftasiga bu 140 minut boʻladi, oyiga 10 soat (600 minut), yiliga esa 120 soatga aylanadi. Bu esa bir yilda 5 sutka faqat yangilik oʻqishga ketdi, degani. Shu kabi oddiy arifmetika orqali zararli yoki foydasiz faoliyatlarni hayotingizdan chiqarib tashlashingiz mumkin. Pulli versiyasida saytlar va dasturlarni bloklab qoʻyish ham mumkin.

Yaqinda dastur mualliflari men payqamay qolgan yangi imkoniyat qoʻshibdi: ish soatlari. Ish soatlari koʻrsatilgandan soʻng, hisobotlarda ish vaqtida va shaxsiy vaqtdagi faoliyatlar ajratilib koʻrsatiladi. Hozirda odamlar ish-hayot balansini saqlashga harakat qilayotgan payt uchun bu juda foydali.

Qisqasi, foydali dastur. Bu orqali kunning qaysi paytlari, haftaning qaysi kunlari, va hatto yilning qaysi faslida nisbatan mahsuldor ishlashingizni koʻra olasiz. Agar bu dasturdan yillar davomida foydalanib borsangiz, yangi yil kelganda ular oʻtgan yil uchun chiroyli hisobot yuborishadi. Va eng qizigʻi, yillar davomida mahsuldorlik oshishi va tushishini ham kuzatish mumkin. Ikkinchisi depressiv boʻlishi ehtimoli bor 🥴

Mobil telefonlar

Juda koʻp odamlarning hayoti faqat mobil qurilma bilan oʻtayotgan paytda, ushbu yoʻnalishda Apple ham, Google ham yaxshi imkoniyatlar qoʻshishgan. Ular:

iOSʼda bu imkoniyat tizimning oʻzi bilan keladi. Yoqiladigan va foydalaniladigan joyi: Settings → Screen Time (Настройки → Экранное время). Yoqilgandan keyin siz qaysi ilovalarni va saytlarni qaysi paytda ishlatayotganingizga qarab hisobot yigʻib boradi. Hisobot bugun yoki oxirgi 7 kun uchun beriladi. Qisqacha aytganda:

  • siz mobil qurilmani ishlatishdagi odatlaringizni koʻrsatadi;
  • qaysi ilova yoki saytlarga qancha vaqt sarflayotganingizni beradi;
  • tunda qurilmadan foydalanishni batamom oʻchirib qoʻyish mumkin;
  • qaysidir ilova yoki saytlarga kunlik limit qoʻysa boʻladi;
  • oiladagi bolalarga alohida limit qoʻyish, ilovalarni bloklash imkoniyati bor.

Men baʼzida biror ilovani foydasiz ravishda koʻp ishlatayotgan boʻlsam, unga limit qoʻyishim yoki xabarlarini oʻchirib qoʻyishim mumkin. Yoki Telegram misolida: turli guruh va kanallardan chiqib ketish undan foydalanishni ancha kamaytiradi.

Android uchun esa, adashmasam, quyidagi ilovani oʻrnatish lozim: Digital Wellbeing. Skrinshotlariga qaraganda, imkoniyatlari iOS tizimidagiga oʻxshash.

Xullas, vaqt — muhim. Uni unumliroq sarflashga harakat qilish yaxshi odat.

Telegram