Dekabr oyida Oʻzbekiston temir yoʻllari xizmatidan foydalandim. Quyida oʻzgartirish kerak boʻlgan baʼzi takliflarimni yozaman.
- Elektron biletni sotib oladigan sayt mavjud va ishlayapti. Lekin u yerdan olingan biletni haqiqiy biletga almashtirish lozim. Aslida, telefondagi shtrix yoki QR kod tekshiruvchilarga yetarli boʻlishi kerak.
- Poyezdga oʻtirgungacha 4 marta passport tekshiriladi: bilet olinishida, vokzalga kirishda, biletga muhr (!) qoʻyilishida va vagonga oʻtirishda. Shularning faqat bittasini qoldirish yetarli. Har qadamda passport tekshirish Temir yoʻllari xodimlari bekor qolmasligi uchun oʻylab topilgandek.
- Ikkinchi va uchinchi tekshiruv shundoq yonma-yon joylashgan: yuklarni tekshirgandan soʻng, Temir yoʻllari xodimi chiptaga muhr qoʻyadi. Shundoq ham undan avvalgilar ham passportni, ham chiptani tekshirganiga qaramasdan. Umuman olganda, 21-asrda muhr qoʻyish nega kerakligiga hayronman.
- Vagonga oʻtirishda passport tekshiruvining sababini chiptadagidan boshqa odam vagonga oʻtishmasligini oldini olish, deb aytishdi. 3 ta tekshiruvdan keyin bunisi shartmas.
- Dunyoning juda koʻp davlatlarida vokzalga kirish bemalol: vagongacha chipta/passport tekshirilmaydi. Bizda xavfsizlikni sabab qilib butun vokzal panjara (paranji) bilan oʻralgan. Panjaralar kerakmas. Bu Havo yoʻllariga ham tegishli.
- Shaxsan menga ekonom yoki biznes tarifidagi vagonlar “VIP”dan koʻra qulayroq. Birinchi turdagi vagonlarda alohida kitob oʻqib yoki ishlab ketish imkoniyati bor. “VIP”da esa 4 ta odam bir-biriga qarab oʻtiradi. “VIP”da biznes odamlari uchun koʻproq imkoniyat berish kerakmi?..
- Vagondagi stollarda dasturxon kerakmas. Stol toza turishi yetarli. Dasturxon har tomonga surilib, ustiga kompyuter va smartfon qoʻyishni noqulaylishtiradi. Yana har doim ham tozamas dasturxonlar.
- Vagonda sifatsiz, arzon, men ichmaslikka harakat qiladigan kofe beriladi xolos: 3 tasi birda MacCoffee. Hech boʻlmasa amerikano yoki kapuchino boʻlishini xohlardim.
- Hojatxonalar iflos va gigiyeniya qoidalariga amal qilmaydi. Odam bemalol foydalanishdan qochadi. Ularni toza saqlash Temir yoʻllarining asosiy vazifalaridan biri.
- Vagonlarda internet yoʻq. Wi-Fi tarmoq berish taklif qilinadi. Pulga taklif qilinishini ham oqlayman. Poyezdlar mobil aloqa ishlamaydigan joylardan ham oʻtishini hisobga olsak, bu koʻpchilikka asqotadi.
- Vagondagi televizorlarda juda sifatsiz filmlar beriladi. Yana ovozi juda baland. 10-punktni ijro qilib, televizorlarni olib tashlash lozim. Ularni hatto oʻchirib ham boʻlmaydi.
- Ovqatlarning ham sifatini koʻtarish shart, deb oʻylayman.
- Kuzatganim: poyezdga chiqishdan oldin odamlar doim vagonlarni izlashadi. Taklif: vagon oynalariga katta-katta qilib vagon raqamlari yozilsin. Yana vagon konduktorlari raqam yozilgan kattaroq plakatlarni ushlab turishsayam mayli.