Boʻsh inboks

Pochtadagi xatlarni toʻgʻri boshqarish men uchun eng muhim jarayonlardan biri. Hozir qayerdanligini eslolmayman, lekin yillar oldin pochtani boshqarish uchun menga eng maʼqul yechimga oʻrganganman: boʻsh inboks. Qisqacha maʼnosi quyidagicha: pochtada yagona inboks (inbox) boʻladi va undagi xatlar soni nolga intiladi. Inboks — hamma yangi xatlar tushadigan quti yoki papka. Deyarli hamma email servislarida bunaqa maxsus interfeys mavjud.

Menda pochtani boshqarish xronologiyasi bunaqa boʻlgan:

  1. Xatlar inboks ichida yotaveradi; qaysi xat muhim-muhimmasligini ajratish qiyin, hammasi aralash.
  2. Xatlarni maxsus papkalarga joylashni boshladim. Bunda inboksdagi xatlar kamayadi, lekin xatlarni toʻgʻri papkalarga joylash boshni qotirvoradi.
  3. Boʻsh inboks.

Agar maxsus pochta kliyenti ishlatilmasa, hamma birinchi holatdan boshlaydi va koʻpchilik shunda qoladi. Bundagi asosiy muammo xatlarning qaysilar muhim, qaysilariga javob berilishi kerakligini ajratish qiyin. Hamma xatlar bir joyda aralashib yotadi.

Ikkinchi holatda papkalarni toʻgʻri yaratish, oʻchirish, xatlarni joylashda miyaga ortiqcha yuk tugʻiladi. Masalan, men “Dizayn” va “Grafika” degan papkalar ochdim. Ikkalasiga ham tegishli boʻlgan xatni qayerga joylashim kerak? Agar bittasiga joylasam, u xatni keyinroq qanday topaman? Shu kabi savollar va jarayonning oʻziga boʻlgan fokus ortiqcha vaqt va energiya yoʻqotishimga olib keladi.

Boʻsh inboks yechimi esa yuqoridagi ikkala muammoniyam yechadi: faqat eʼtiborni talab qiladigan xatlargina inboksda qoladi va barcha boshqa xatlar arxivlanadi. Hozirgi email servislarining deyarli hammasida qidiruv zoʻr ishlaydi va papkalarga hojat yoʻq.

Boʻsh inboksga qanday erishiladi?

  1. Hamma xatlarni bitta inboksga keladigan qilinadi. Agar veb orqali ishlaydigan kliyent boʻlsa, xatlarni bitta joyga yigʻish lozim. Desktop kliyentlar esa shundoq ham bitta inboks beradi.
  2. Javob berish lozim boʻlmagan hamma xatlar arxivlanadi. Hatto javob kutilayotganlari ham, chunki, javob kelganda ular avtomatik inboksga qaytib keladi.
  3. Xatlar eskilaridan boshlab koʻrib chiqiladi. Agar javob boshqa odamdan kutilayotgan boʻlsa, shu haqida yozib arxivlanadi. Agar javob berish lozim boʻlsa, javob berilib arxivlanadi.
  4. Baʼzi xatlarni shunchaki keyinroqqa qoldirish (postpone) mumkin. Koʻp email servislarida va kliyentlarida bu imkoniyat “snooze” (mudrash) deyiladi. Bu imkoniyat xatni qanchadir vaqtga inboksdan yashiradi. Masalan, men xatga hozir javob berolmayman, chunki, boshqa odamlardan maʼlumot yigʻishim kerak. Xat yuborgan odamga keyingi dushanba kuni javob yozishimni aytaman va xatni dushanbagacha “snooze” qilaman.
  5. Shart boʻlmagan qadam sifatida: baʼzida yuborilgan (sent) xatlarni ham arxivlab turish mumkin.

Yana bitta layfhak (lifehack): pochtani kuniga 1-2 marta tekshirish yetarli. Email haqida postimda aytganimdek, bu pochtaning messenjerlar oldidagi katta plyusi.

Baʼzi pochta kliyentlari va servislari boshidan inboksni boʻshatishga undaydi. Masalan, inboksdagi hamma xatlardan “qutulganingizdan” soʻng, Spark quyidagiga oʻxshagan illustratsiya koʻrsatadi:

CC

Telegram kanalim: https://t.me/FarLives, Instagram: https://www.instagram.com/farlives/

Telegram