Gazeta.uz Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi oʻtkazayotgan soʻrovnoma haqida yozyapti: Автомобили во дворах жилых домов: «за» и «против». Odamlar yashaydigan mavzelardagi hovlilarni xavfsiz qilish uchun mashinalarni taqiqlash haqidagi taklif berilgan. Shu haqidagi ozroq fikrimni boʻlishmoqchiman.
- Rostdan ham Toshkentdagi mavzelarning hovlilari odamlar (ayniqsa, bolalar) uchun xavfli. Mavze ichidagi har bir tratuar va yoʻllarda mashina yuradi. Bolalar bemalol oʻynashiga, velosiped haydashiga va odamlar piyoda bemalol, xavotirsiz sayr qilishiga imkoniyat yoʻq.
- Toshkentning shahar sifatida qaraladigan asosiy qismi Sovet hukumati paytida qurilganini hisobga olsak, mavzelar deyarli har bir odamda mashina boʻlishiga moʻljallanmagan. Mavzelarning maydoni nisbatan juda katta, tartib yoʻq, uzoqni koʻzlamasdan qurilgan. Parkovka muammosi hamma mavzelarda mavjud. Mashinalarni mavze tashqarisiga chiqarvorish oson ish emas.
- Mavze atrofidagi juda koʻp yoʻllarga parkovka qilish mumkin emas. Shuning uchun, odamlar tratuarlarni parkovka sifatida ishlatishadi. Masalan, Nyu-Yorkdagi mavzelarda kichikroq yoʻllarda harakat faqat bir tomonga va yoʻlning ikki chetini parkovka sifatida ishlatishadi.
- Maktab va bogʻchalar mavze ichida joylashgani qoʻshimcha oqimni keltirib chiqaradi. Baʼzida mavzening ichidagi yoʻllarda (!) tirbandlikni kuzatish mumkin.
- Toshkent shahar hokimiyatining shaharsozlik, oqimni boshqarish, odamlar uchun shahar qurish boʻyicha aniq rejasi yoʻq va yangi qurilayotgan mavzelarda ham eski muammolar tuzatilmayotganini koʻrish mumkin. Hatto qimmat turar-joy mavzelari qurilishida ham tratuarlar va xavfsiz, sokin hovli boʻlishi hisobga olinmaydi.
- Bizning mentalitetda oʻzlashtirvolish juda kuchli: mavzelarning ichida boʻsh turgan yerlarni baʼzilar parkovka sifatida, baʼzilar dehqonchilik qilish uchun oʻziniki qilvoladi. Aslida shu yerdan optimalroq foydalanish mumkin: bolalar maydonchasi, parkovka, dam oladigan joylar qilib. Mavze hududi “bizniki”, “meniki” emas. Taxminimcha, shu “meniki”ni yoʻqotishni istamaydiganlar soni koʻp.
Shuning uchun, soʻrovnomalarda (Facebook, Telegram) hovlidan mashinalarni yoʻqotishga qarshilar yutayapti. Bu men uchun ijobiy yakunmas. Lekin IIBB ham savolni notoʻgʻri qoʻyyapti.
IIBB va hokimiyat bunaqa masalalarni koʻtarganda avval muammoni yaxshilab tushuntirishi lozim. 1-2 ta foto va baʼzi odamlarning fikri yetarlimas. Muammo chuqurroq oʻrganilishi va yoritilishi kerak.
Keyingi qadam har xil yechimlarni qarab chiqish va oʻrganish boʻladi. Yechim ham yuzaki chiqarilgan xulosaga yoki xususiy holatga asoslanishi notoʻgʻri. Mashinalarni taqiqlagan bilan egalari ularni sotvormaydi: ular qayergadir joylashishi lozim. Va katta ehtimol bilan ular mavze atrofidagi tratuarlarni egallaydi.
Har qanday holatdayam biror yangi tushayotgan yoki kichikroq eski mavzeda har xil variantlarni qoʻllab koʻrish mumkin. Bunda tajriba har tomonlama yoritilishi, ham ijobiy, ham salbiy taraflari koʻrsatilishi lozim. Agar tajriba ijobiy yakun topsa, bemalol shaharning boshqa mavzelariga ham qoʻllasa boʻladi.
Ilya Varlamov va Maksim Kats shaharda (faqat hovlilardamas) mashinalarni kamaytirishni juda qattiq qoʻllab-quvvatlaydi. Hokimiyatga berilgan taklifda qisman shaharni odamlarga qulaylashtirish haqida yozgandim. Lekin aynan shu muammo — hovlilardagi mashinalar boʻyicha yozgan baʼzi fikrlarini keltirmoqchiman.
Maksim Kats yaxshi va qulay hovlilar haqida
Ilya Varlamovning blogida chiqqan bu maqolada Moskvadagi kichik hovli qanday qayta dizayn qilinishi mumkinligi haqida yozilgan. Ushbu loyiha Народный архитектор byurosida tayyorlangan.
Hovlining joriy holati quyidagicha:
Uni quyidagi koʻrinishdagi dizayni taklif qilinyapti:
Eʼtibor bering, oʻzgarishlarni taklif qilishdan oldin hovli yaxshigina oʻrganib chiqilgan: mashinalar soni nechta va qancha joy kerak boʻlishi kabilar.
Keyin, hovli tartibga solinyapti: mashinalar uchun alohida avtoturargoh, xavfsiz bolalar maydonchasi, sport, madaniy hordiq, qariyalar, oʻrindiqlar ham hisobga olingan:
Кац предлагает хорошие и удобные дворы! →
Ideal hovli parkovkalarsiz boʻlishi lozim
Varlamov bu maqolasida Rossiya shaharlaridagi hovlilarni boshqa (rivojlanganroq) davlatlardagi hovlilar bilan solishtirgan. Hovlidagi mashina joyini boʻshatishni xuddi avtobus yoki metroda qariyalarga, ayollarga va bolalarga joy berish bilan solishtirgan. Bundan tashqari, Qozon shahridagi bir hovli tajribasi haqida ham aytib oʻtgan: aholi shunchaki hovliga mashina qoʻymaslikka qaror qilishgan.
Идеальный двор должен быть без парковок! →
Hovlingizni qanday yaxshilash mumkin: 10 ta oson boʻlmagan qadam
Bu maqolasida Varlamov turli tavsiyalar beryapti. Bu tavsiyalarni bajarish uchun hokimiyat yoki IIBB zarur emas: hovlida yashaydigan odamlar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi kifoya. Masalan, odamlarni birlashtirish uchun hovliga stol qoʻyish, birga ovqat (barbekyu) tayyorlaydigan joy qilish, bolalar birgalikda gul parvarish qilishi uchun maydoncha, oʻrindiqlar, fontan yoki besedkalar (usti yopiq suhbatlashib oʻtiradigan joy) oʻrnatish va h.k.
Как улучшить свой двор: 10 непростых шагов →
Xullas, yaxshilashni kichik qadamlardan boshlash mumkin. Va eng asosiysi, odamlar rostdan ham tushunib yetishi kerak shu harakatlarning ijobiyligini. Hokimiyat yoki IIBBda ham siz va menga oʻxshagan odamlar ishlaydi. Bizning ham, ularning ham munosabati beparvolik boʻlsa, katta oʻzgarish kutish qiyin.
Masalan, quyidagi fotodagi hovli Moskva shahrida (Yevropa yoki AQSh emas). Shunchaki uyni qurgan kompaniya ishiga mehr bilan yondoshgan. Umid qilaman, bizdagi kompaniyalar ham chumoli uylarini qurish haqidamas, odamlar rostdan qulay yashaydigan mavzelar qurishga tez orada yetib borishadi.